Ommaviy oferta

(Xorijiy tillarni o’qitish bo’yicha ta’lim xizmatlarini ko’rsatish to’g’risida)

Atamalar va ta'riflar

Ommaviy oferta – bu shartnomani tuzish bo’yicha taklif. Shartnoma ofertani shartsiz qabul qilish (akseptlash) orqali tuziladi.

Ofertaning akseptlash – ushbu ofertaning 1.4.-bandida ko’rsatilgan harakatlarni amalga oshirish va hech qanday shartlarsiz qabul qilish.

Onlayn maktab – xorijiy tillarni onlayn o’qitish bo’yicha ta’lim xizmatlarini ko’rsatuvchi “BUKHARA STUDY PRO” MCHJ.

Sayt – onlayn maktabning web sayti, “https://topspot.uz/” manzilida joylashgan.

O’quvchi – ushbu ommaviy oferta shartlarini qabul qilgan, onlayn maktab xizmatlaridan foydalanayotgan shaxs.

Test – o’quvchining bilim darajasini aniqlash, salohiyatiga mos keladigan darajadagi kurslarni taklif etish maqsadida havolas yuboriladigan onlayn test savollari.

Kurs – xorijiy tillarni o’rganish bo’yicha taqdim etilgan tariflardan birini o’quvchi va onlayn maktab o’rtasidagi o’zaro kelishuv yo’li bilan tanlanadigan (saytda belgilangan aktual takliflar asosida), ta’lim olish shartlari, muddati, summasi, maksimal soni aniq belgilangan o’quv darslari.

Uyga vazifa – o’quvchiga taqdim etilgan o’quv materiallari va darslarning o’zlashtirish darajasini tekshirish va baholash uchun beriladigan vazifalar.

Tomonlar – shartnomaga ko’ra ta’lim berish xizmatini ko’rsatuvchi – onlayn maktab va ta’lim berish xizmatini qabul qilib oluvchi – o’quvchi.

Qo’llab quvvatlash xizmati – onlayn maktab xizmatidan foydalanishda yuz beradigan texnik yoki boshqa mazmundagi muammolar yuzasidan o’quvchilar murojaat qilishi mumkin bo’lgan, onlayn maktab saytida ko’rsatilgan aloqa kontaktlari.

I. Umumiy qoidalar

1.1. O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga asosan ushbu hujjat “BUKHARA STUDY PRO” MCHJ’ning (keyinchalik matnda “Onlayn maktab” deb ataladi) har qanday shaxsga nisbatan shartnomani unda keltirilgan shartlar asosida qabul qilishga yo’naltirilgan rasmiy ommaviy taklifi (ofertasi) hisoblanadi.

1.2. Xorijiy tillarni o’qitish bo’yicha ushbu ommaviy oferta matni o’quvchi tomonidan akseptlash paytdan boshlab kuchga kiradi va “BUKHARA STUDY PRO” MCHJ tomonidan bir tomonlama ommaviy ofertaning yangi tahririni onlayn maktab saytida joylashtirish orqali o’zgartirilishi mumkin.

1.3. O’quvchi tomonidan o’z shaxsiga doir ma’lumotlarni (ism-sha’rifi, telefon raqami, telegram manzili, elektron pochtasi manzili) onlayn maktabga taqdim etish.

1.4. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining tegishli moddalariga asosan quyida ko’rsatilgan shartlarni qabul qilib va tegishli miqdordagi to’lov amalga oshirilsa, o’quvchi ofertani akseptlagan va onlayn maktab bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishgan hisoblanadi.

1.5. O’quvchi shartnomani akseptlashdan avval quyidagilarni tasdiqlaganligini bildiradi:

  • Shartnomani batafsil o’rganib chiqganligi va shartnoma shartlarini to’g’ri tushunganligi;
  • Onlayn maktab   bilan   tanishib   chiqqanligi,   undan   foydalanishni tushunganligi;
  • Hech qanday bosim yoki aldovsiz shartnomani qabul qilganligi;
  • Onlayn maktabdan ta’lim olish, texnik yoki boshqa tarzdagi muammolar yuzasidan qayerga murojaat qilishni tushunganligi.

II. Shartnoma predmeti

2.1. Ushbu shartnomaga asosan onlayn maktab o’quvchiga test natijasida aniqlangan va  o’zaro  kelishuv  asosida  belgilangan xorijiy til kurslarini belgilangan tarifga mos shartlarda onlayn o’qitish majburiyatini oladi, o’quvchi esa onlayn maktab saytida belgilangan amaldagi summani to’lash va darslarda ishtirok etish majburiyatini oladi.

2.2. Onlayn maktab tomonidan ko’rsatiladigan barcha xizmatlar saytda aktual bo’lgan tariflarda batafsil belgilab o’tiladi va o’quvchi tanlagan tarifga mos ravishda amalga oshiriladi.

2.3. Onlayn maktab ommaviy ofertani bir tomonlama tarzda saytida e’lon qilish orqali o’zgartirish huquqiga ega. O’quvchi saytda aktual bo’lgan ommaviy oferta shartlariga ko’ra xizmat ko’rsatilishi yuzasidan xabardor qilinadi.

III. Tomonlarning huquq va majburiyatlari

3.1. Onlayn maktabning majburiyatlari:

3.1.1. Shartnoma shartlariga muvofiq hamda o’quvchi tomonidan xarid qilingan kurs va tarifga mos shaklda o’qitish xizmatini amalga oshirish.

3.1.2. O’quvchini testdan o’tkazib borish va uning bilim darajasiga mos kurslarda ta’lim berish.

3.1.3. O’quvchi to’lovni amalga oshirgandan so’ng xarid qilingan kursni texnik va boshqa mazmundagi muammolarsiz taqdim etish. O’qitish bilan bog’liq texnik muammolarni bartaraf etish.

3.1.4.  Onlayn maktab tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolar sababli (texnik muammolar, o’qituvchining darsda qatnashmasligi) o’quvchi darslarda ishtirok eta olmasa, onlayn maktab o’quvchi ishtirok eta olmagan miqdordagi darslarni o’tib berish majburiyatini oladi.

3.2. Onlayn maktabning huquqlari:

3.2.1. Onlayn maktab o’quvchi tomonidan kurs uchun to’lov amalga oshirilmagan taqdirda darslarda ishtirok etish va onlayn maktab ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatini bekor qilish huquqiga ega.

3.2.2. O’quvchining darslarni o’zlashtirishi va berilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirib borish.

3.2.3. Onlayn maktab o’quvchilarning roziligisiz ta’lim berishning butun davri davomida o’qituvchini almashtirish huquqiga ega.

3.2.4. Onlayn maktab o’quvchi tomonidan o’qituvchini almashtirish haqidagi talablarini o’rganib chiqadi, biroq o’qituvchini almashtirish majburiyatini olmaydi.

3.2.5. O’quvchi darslarda muntazam ishtirok etmasa (ketma-ket 3 martadan ortiq darsni qoldirsa), uyga vazifalarni bajarmasa, Onlayn maktab operatorlari o’quvchi bilan qayta aloqa o’rnata olmasa, onlayn maktab to’lovni qaytarmagan holda o’quvchi bilan shartnomani bekor qilish huquqiga ega.

3.2.6. Onlayn maktab imtihonlardan o’ta olmagan o’quvchini keyingi bosqichga o’tkazmaslik huquqiga ega.

3.2.7. Agar o’quvchi darslarni davom ettirishdan bosh tortgan holatda onlayn maktab o’quvchi to’lagan summani qaytarib bermaydi. Onlayn maktab ushbu muddat davomida o’quvchiga ta’lim berish xizmatini amalga oshiradi va to’lovni qaytarib bermaslik huquqiga ega.

3.2.8. O’quvchining aybi bilan qoldirilgan darslar uchun to’lov onlayn maktab tomonidan qaytarib berilmaydi yoki keyingi darslarga o’tkazilmaydi.

3.2.9. Onlayn maktab tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolar sababli o’quvchi darsda ishtirok eta olmasa, onlayn maktab tomonidan muammo bartaraf etiladi va o’quvchi ishtirok eta olmagan muddatda qo’shimcha darslar bilan ta’minlanadi.

3.2.10. Onlayn maktab ta’lim berish sifatini tushirmagan holatda darslarning jadvallari yoki mazmuniga o’zgartirib borish huquqiga ega.

3.2.11. Onlayn maktab o’quvchilarni ogohlantirgan holatda ularni boshqa guruhlarga o’tkazishi mumkin.

3.2.12. Onlayn maktab kurslar uchun narxni o’zgartirish huquqiga ega. Narxlar o’zgargan taqdirda oldindan to’lovni amalga oshirgan o’quvchilar uchun eski narxlarda xizmat ko’rsatiladi. Yangi belgilangan narxlar keyingi to’lov uchun oyning birinchi sanasidan amal qiladi.

3.2.13. O’quvchi kurslarda ishtirok etish davrida onlayn maktab o’quvchilari, o’qituvchilari, xodimlariga nisbatan haqorat yoki qonunga zid harakatlar sodir etgan taqdirda onlayn maktab tomonidan o’quvchi bilan shartnoma bir tomonlama bekor qilinadi va to’lov qaytarib berilmaydi.

3.2.14. O’quvchi tomonidan onlayn maktabning darslari, o’quv resurslari uchinchi shaxslarga tarqatib yuborilgan taqdirda maktab tomonidan o’quvchi bilan shartnoma bir tomonlama bekor qilinadi va to’lov qaytarib berilmaydi.

3.2.15. O’quvchi onlayn maktab tomonidan uyga vazifa o’quv materiallarini darslardan avval o’zlashtirmagan bo’lsa, onlayn maktab o’quvchini darsdan chetlatish huquqiga ega.

3.3. O’quvchining majburiyatlari:

3.3.1. To’lovni amalga oshirish va shartnomani akseptlashdan avval onlayn maktab saytidagi ommaviy oferta, tariflar, kurslarning mazmuni, narxi, ta’lim berish shartlari bilan batafsil tanishib chiqish.
3.3.2. Darslarni qoldirib yubormaslik, darslarga ishtirok etishdan avval o’qituvchi tomonidan berilgan topshiriq va vazifalarni bajarish, onlayn maktab tomonidan taqdim etilgan o’quv resurslari bilan tanishib chiqish.

3.3.3. Darslarni o’zlashtirishga nisbatan vijdonan yondashish, ta’lim olish jarayonida onlayn maktab o’quvchilari, o’qituvchilari va xodimlar bilan yaxshi muomalada bo’lish, qonunga va umumaxloqiy qoidalarga zid harakatlarni amalga oshirmaslik.

3.3.4. Onlayn maktab tomonidan o’quvchiga taqdim etilgan darslarni uchinchi shaxslarga bermaslik, onlayn maktabning o’quv resurslarini tarqatib yubormaslik.

3.3.5. Ta’lim olish uchun to’lovni har oyning uchinchi darsidan oldin amalga oshirib borish.

3.3.6. Onlayn maktab resurslaridan foydalanishga ruhsat olish uchun shaxsiy ma’lumotlarini (telefon raqami, ism-sha’rifi, telegram manzili, elektron pochta manzili) taqdim etish.

3.4. O’quvchining huquqlari:

3.4.1. Onlayn maktabning qo’llab quvvatlash xizmati xodimiga ta’lim olishdagi texnik yoki boshqa mazmundagi muammolar yuzasidan murojaat qilish.

3.4.2. To’lovni amalga oshirgan tarifiga mos shaklda va shartlarda o’quv kurslarini olish, ta’lim resurslaridan foydalanish.

3.4.3. O’zlashtirishi, til bilish darajasi haqida obyektiv bahoni onlayn maktabdan qabul qilib olish.

3.4.4. Onlayn maktab tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolar sababli o’quvchi darsda ishtirok eta olmasa, o’tilmagan darslarni o’tib berilishini talab qilish.

IV. To'lov shartlari va tartibi

4.1. Xizmat ko’rsatishning narxi (kurslarning) O’zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so’m shaklida ko’rsatiladi.

4.2. Bevosita bank o’tkazmasi: To’lov onlayn maktabning rasmiy rekvizitlari orqali bevosita bank o’tkazmasi yo’li bilan amalga oshirilishi mumkin.

4.3. To’lov tizimlari orqali to’lov: To’lovlar onlayn maktabda mavjud bo’lgan to’lov tizimlari yordamida amalga oshirilishi mumkin. Qo’llab-quvvatlanadigan to’lov usullari to’g’risidagi ma’lumotlar onlayn maktabning qo’llab quvvatlash xizmati yoki sayti orqali taqdim etiladi.

4.4. To’lov o’quvchining til bilish darajasini aniqlash testi o’tkazilgandan so’ng kurslar uchun avvaldan 100 foiz miqdorda amalga oshiriladi.

4.5. O’quvchi tomonidan qoldirilgan darslar uchun to’lov ortga qaytarilmaydi. Onlayn maktab tomonidan qoldirilgan darslar o’quvchiga o’tib beriladi.

4.6. Onlayn maktabning kurslari uchun to’lov uning saytida aktual bo’lgan narxlarda amalga oshiriladi.

4.7. O’quvchi chegirma asosida bir tarifni sotib olib, ma’lum bir muddatdan so’ng tarifni o’zgartirmoqchi bo’lgan holatda chegirma o’z kuchini yo’qotadi va o’qilgan kunlar uchun to’lov summasi chegirmasiz bir oylik to’lov asosida hisoblanadi.

V. Xizmatni ko’rsatish va topshirish-qabul qilish tartibi

5.1. Darslarni o’tilishi vaqti bayram kunlari (O’zbekiston Respublikasi hududida dam olish kuni deb e’lon qilingan kunlar, bayramlar, siyosiy tadbirlar) bilan bir vaqtga to’g’ri kelib qoladigan bo’lsa, ushbu kunlarda onlayn maktab tomonidan darslar o’tilmaydi.

5.2. O’quvchi ushbu shartnomaning 3.3.-bandidagi majburiyatlariga amal qilmasa, onlayn maktab va o’quvchi o’rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinishi mumkin. Bunda o’quvchi tomonidan amalga oshirilgan to’lov ortga qaytarilmaydi yoki keyingi oyga ko’chirilmaydi.

5.3. Onlayn maktab o’quvchining subyektiv kutilmalari uchun javobgar bo’lmaydi. Onlayn maktabdagi darslari sifati, ta’lim resurslari o’quvchining subyektiv xarakterdagi fikriga ko’ra salbiy baholanishi – to’lovni qaytarish uchun asos hisoblanmaydi.

5.4. O’quvchining aybi sababli darslarda ishtirok eta olmasa, qoldirilgan darslar uchun to’lov qaytarib berilmaydi yoki keyingi darslarga ko’chirilmaydi.

5.5. Onlayn maktabdagi texnik yoki boshqa mazmundagi muammolar sababli darslar tashkil etilmasa, qoldirilgan darslar boshqa kunlarda o’tib beriladi va qo’shimcha to’lov olinmaydi.

5.6. Agar o’quvchi uzrli sabablarga ko’ra (sog’ligidagi muammolar, kasbiy attestatsiyalar, oilaviy sabablar) darslarda ishtirok eta olmasligi haqida onlayn maktabga kamida bir hafta avval xabar bersa, o’quvchi tomonidan bir necha oy uchun avvaldan amalga oshirilgan to’lov onlayn maktab va o’quvchi o’rtasidagi kelishuvga ko’ra boshqa oylarga ko’chirilishi mumkin, biroq to’lov ortga qaytarilmaydi.

5.7. Agar o’quvchi hech qanday uzrli sabablarsiz, xabar bermasdan darslarda ishtirok etmasa, ushbu darslar uchun to’lov ortga qaytarilmaydi va boshqa kunlarga ko’chirilmaydi.

5.8. O’quvchi imtihonlardan o’ta olmasa, keyingi bosqichga o’tkazilmaydi. O’quvchi ushbu holatda e’tiroz bildirsa, onlayn maktab o’quvchiga salohiyatiga mos guruhda o’qitish taklifini berishi mumkin, biroq to’lov ortga qaytarib berilmaydi yoki boshqa oylarga ko’chirilmaydi

5.9. Onlayn maktab tomonidan ta’lim https://topspot.uz/ saytida ko’rsatilgan tariflarda belgilangan shartlar asosida olib boriladi.

5.10. Onlayn maktab guruhlardagi o’quvchilarning soni kamayib ketganligi va o’quv sifatining tushishi mumkinligini oldini olish uchun bir necha guruhlarni birga qo’shib yuborishi mumkin. Bunday holatda o’quvchiga taqdim etiladigan ta’lim sifati va shartlari tushirilmasligi onlayn maktab tomonidan ta’minlanadi. Agar o’quvchi onlayn maktab tomonidan taklif etilgan hech qaysi guruhlarda ishtirok etishni istamasa, o’quvchi “Speaking” tarifidagi darslarga o’tkazib yuboriladi va to’lov ortga qaytarilmaydi.

5.11. Ushbu oferta yuqorida qayd etilgan maqsadlar doirasida cheklanmagan muddatga tuziladi.

5.12. Oferta shartnomasini bekor qilishda dalolatnoma tuzilmaydi va tomonlar uni imzolamaydi.

5.13. Onlayn maktab tomonidan xizmatlar ko’rsatilgandan so’ng bu haqida dalolatnoma tuzilmaydi va imzolanmaydi. O’quvchi xarid qilgan tarif bo’yicha oxirgi dars tugagandan so’ng 3 kun ichida o’quvchi tomonidan https://topspot.uz/ saytida ko’rsatilgan elektron manziliga yozma ravishda asoslantirilgan e’tiroznoma kelib tushmasa, xizmatlar to’liq ko’rsatilgan va o’quvchi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.

VI. Fors-major

6.1. Tomonlardan hech biri yengib bo’lmaydigan kuch, ya’ni avvaldan bilib bo’lmaydigan, oldini olishni imkoni yo’q hodisalar: urush e’lon qilinishi yoki boshlanishi, epidemiya va epizotiyalar, harbiy nizolar, karantin cheklovlari, zilzila va boshqa tabiat hodisalari, blokada, embargo, siyosiy inqirozlar, mamlakat hududida internet tizimining ishdan chiqishi, aloqa sifatining keskin tushib ketishi, tomonlar avvaldan tahmin qila olmaydigan mazmundagi davlat organlari tomonidan xizmatlarni ko’rsatishga salbiy ta’sir qiladigan normativ huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi va boshqa shu kabi fors-major holatlar oqibatida yuzaga keladigan sabablar uchun bajarilmagan majburiyatlarga javobgar bo’lmaydi.

6.2. Agar yuqorida nazarda tutilgan hodisalar sababli majburiyatlarni bajarish vaqti kechikib ketsa, ushbu hodisalar ro’y berishi davrida muddatlar muzlatiladi.

6.3. Fors-major holatlar ro’y berganda onlayn maktab o’z saytida e’lon qoldiradi va o’quvchilarni ogohlantiradi.

6.4. Fors-major holatlar haqida ogohlantirmaslik tomonlarni bajarilmagan majburiyatlaridan ozod qilish uchun sabab qilib ko’rsatish huquqidan mahrum etadi.

VII. Nizolarni bartaraf etish

7.1. Ushbu ommaviy ofertani bajarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan barcha nizo va kelishmovchiliklar tomonlar o’rtasida muzokara yo’li bilan bartaraf etiladi. Agar kelishmovchilikni muzokara yo’li bilan hal etishning iloji bo’lmasa, nizo va kelishmovchiliklar O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.

VIII. Yakuniy qoidalar

8.1. O’quvchi tomonidan kursni sotib olish uchun to’lov amalga oshirilgandan so’ng onlayn maktab o’quvchidan uning shaxsiy ma’lumotlari: elektron pochta manzili, telegram manzili, telefon raqami va ism-familiyasini taqdim etishni so’raydi. Ushbu ma’lumotlar onlayn maktabning royhatidan otish uchun kerak. Ro’hatdan o’tish operator yordamida amalga oshiriladi.

8.2. Onlayn maktab o’quvchi tomonidan taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlarning haqqoniyligi va mazmuni yuzasidan mas’uliyatni o’z bo’yniga olmaydi.

8.3. O’quvchi onlayn maktabga taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlarning haqqoniyligi va mazmuni yuzasidan mas’uliyatni o’z bo’yniga oladi.

8.4. Tomonlar ta’lim olish yoki o’qitish jarayonida yuzaga keladigan har qanday muammo yuzasidan bir-birini o’zaro oqilona muddat doirasida xabardor qilish yuzasidan majburiyatga ega.

8.5. Tomonlar ta’lim olish va o’qitish jarayonida o’zlariga ma’lum bo’lishi mumkin bo’lgan  maxfiy ma’lumotlarni (ushbu ma’lumotlar qonunchilik bo’yicha maxfiy saqlanishi haqida talablar belgilangan bo’lsa) sir saqlash yuzasidan mas’uliyatga ega bo’lishadi.

Onlayn maktabning rekvizitlari

“BUKHARA STUDY PRO” MCHJ – 12.04.2022-yilda davlat ro’yxatidan o’tkazilgan.

STIR: 309457208

Hisob raqami: 20208000505514835001

MFO: 00973

OKED: 85590

Bank – ATB “Universal bank” Toshkent filiali

Scroll to Top